Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini o‘tab, rezervga bo‘shatilgan 600 nafardan ziyod muddatli harbiy xizmatchi Navro‘z bayrami arafasida tantana bilan uylariga kuzatildi.
Bir yil mobaynida mashaqqat va sinovlarda toblangan elimizning zabardast o‘g‘lonlari uylariga yorug‘ yuz bilan qaytishdan oldin harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov bilan uchrashib, suhbatlashdi.
Suhbat davomida qo‘mondon namunali xizmati, komandirlar tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishdagi mas’uliyati, yurtimizning eng olis bo‘lgan Shimoli-g‘arbiy hududlarini himoya qilish yo‘lida yuksak jangovar shayligi uchun askarlarga o‘zining minnatdorchiligini izhor etdi. Bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan mehnatkash xalqimiz, Prezidentimizga yelkadosh bo‘lish, mamlakatimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilish eng oliy sharaf ekani aytildi.
Bugun yoshlarning kamol topishi va kasb-hunar egallashi maqsadida mamlakatimiz tomonidan ko‘plab kasb-hunarga yo‘naltiruvchi markazlar, o‘quv muassasalari faoliyat olib bormoqda. Ana shunday markazlarda biror hunarga ega bo‘lish, kelgusida yigitlarning, albatta, biror sohada o‘z o‘rnini topishida asqatishi ta’kidlanib, yigit kishiga qirq hunar ham oz ekanligi tadbir davomida aytib o‘tildi.
Shundan keyin harbiy qism saf maydonida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, zaxiraga bo‘shatilgan askarlarning xayrlashish marosimi o‘tkazildi. Tantana davomida 400 nafarga yaqin muddatli harbiy xizmatchiga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalari topshirilib, bir guruh askarlar tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar bilan mukofotlandi.
Ta’kidlash joizki, muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida 40 nafardan ziyod yosh hayotini harbiylik bilan chambarchas bog‘lab, kelgusida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirishga istak bildirdi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining san’atkorlari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi. Muddatli harbiy xizmatchilar harbiycha an’anaga muvofiq, safda tantanali marsh yurish bilan ramziy ma’noda harbiy qism bilan xayrlashdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari