Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yidagi bayramona bezatilgan maydonda “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida teatrlashtirilgan adabiy-musiqiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirokchilar va mehmonlarni Navro‘zi olam bilan muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yilgi bayram mamlakatimizda “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh nishonlanmoqda. Darhaqiqat, azaldan bizga meros bo‘lib kelayotgan Navro‘z bayrami bugun barcha yurtdoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylandi. Chunki mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va oliyjanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda.
Ertangi kunga katta maqsadlar bilan qadam tashlayotgan xalqimizning fidoyiligi va bunyodkorligi, mamlakatimizda eng katta boylik hisoblangan tinchlik-osoyishtalik tuyg‘ulari, millatlararo do‘stlik aloqalari, inson hayotining tabiat bilan uzviy bog‘liqligi – bularning barchasi joylarda o‘tkazilayotgan xalq sayillarida o‘z ifodasini topmoqda.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” o‘zida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini jamlashi bilan ajralib, barcha xalqimizning, shu jumladan, yoshlarimizning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Bayram davomida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri, “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, “Maqom” ansambli, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari artistlari hamda raqqosalari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi. Turli millat vakillari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga fayz bag‘ishladi. Bayram tadbirlari doirasida turli sport musobaqalari hamda milliy kiyimlar, hunarmandlar mahsulotlari va rassomlar ko‘rgazmalari tashkil etildi.
–Mamlakatimizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Amangul Jumashova. – Bayram tadbirida Turkman milliy-madaniy markazi vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘zga bag‘ishlangan bayram tadbirlari Orolbo‘yining barcha tumanlarida davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA