Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan iftorlikda ishtirok etdi.
Xalqimiz hayoti va ma’naviyatida Islom dinining o‘rni beqiyos. Yurtimiz musulmonlari muqaddas aqidalarga amal qilib, ezgu an’analarni davom ettirib kelmoqda.
Bu yil ham elimiz ma’naviy poklik, xayr-u saxovat ayyomi bo‘lgan Ramazon oyini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Masjidlarda Qur’oni karim xatm qilinib, yurtimizga fayz-u baraka yog‘moqda. Jamiyatimizda do‘stlik-birodarlik, mehr va saxovat tuyg‘ulari kuchaymoqda. Odamlar bir-biriga yanada mehr-oqibatli bo‘lib, bemorlar va keksalar, yordamga muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tobora kengaymoqda.
Bugungi muborak oqshomda yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Namangan viloyatidagi ehsonga Farg‘ona va Andijon viloyati nuroniylari ham tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz musulmonlarini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.
– Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bu ishlarga hissa qo‘shayotgan iymon-diyonatli, saxovatli yurtdoshlarimizga tashakkur aytdi.
Chindan ham, xalqimiz azal-azaldan bir-biriga tayanch bo‘lib, mehr-muruvvat ko‘rsatib yashashni odamiylikning oliy mezoni deb biladi. Ayni shu olijanob fazilatlar bizlarni doimo yagona xalq, yagona millat etib birlashtiradi, hayot sinovlari va qiyinchiliklarini yengib o‘tishda beqiyos kuch-quvvat beradi.
Keyingi yillarda xorijda o‘qiyotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizga ham munosabat o‘zgardi. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ularni Vatanimizga qaytarish, ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash, oila a’zolari va farzandlarini ijtimoiy himoyalash yuzasidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda 40 dan ziyod ulamolar Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Misrga safarga yuborildi. U yerlardagi vatandoshlarimizni din-u diyonatga da’vat etish bilan birga, hozirgi tahlikali vaziyatda ogoh bo‘lib, qonunlarni hurmat qilish, yomon yo‘llarga kirmaslik zarurligi haqida suhbatlar qilishdi.
Davlatimiz rahbari chet eldagi yurtdoshlarimizni ham ulug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga sog‘liq-omonlik va omad tiladi.
Ma’lumki, yangilangan Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan muhim qoida belgilab qo‘yilgan. Shu asosda mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanmoqda. Bu tizim birinchi navbatda ehtiyojmand kishilarga, jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, yetim qolgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan.
Bu haqda so‘zlar ekan, Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy bobomizning “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay” degan hikmatini yodga oldi.
Bunday qarash muqaddas dinimizning asl insoniy mohiyati bilan hamohangdir. Haqiqatan ham, chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘radi.
Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga sa’y-harakatlar mohiyati aytib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida eng ezgu tilaklarini bildirdi.
– Muborak Ramazon oyi sharofati bilan yurtimizda, jami musulmon o‘lkalarda, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm sursin, odamlar, xalqlar o‘rtasida do‘st-birodarlik, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari ustuvor bo‘lsin. Kuchlilar – ojizlarga tayanch, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga g‘amxo‘r bo‘lsin. Dinimizda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarishsin. O‘zbekiston dunyoning eng oldi, eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylansin. Tutgan ro‘zalarimiz, duolarimiz dargohida qabul bo‘lsin, – dedi Prezidentimiz.
Qur’on oyatlari tilovat etilib, Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi.