Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi (TQ) so‘nggi xabariga ko‘ra, Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Xoll” majmuasida sodir etilgan otishma va yong‘in qurbonlari 137 kishini tashkil etmoqda.
– Hozirgacha terror harakati amalga oshirilgan obyektda 137 insonning jonsiz tanasi topildi, ularning 3 nafari bolalar, – deyilgan idora hisobotida. – Jinoyat joyini ko‘zdan kechirish davom etyapti. Ayni chog‘ 62 nafar marhumning shaxsi aniqlandi. Qolgan jasadlarni ham tanish maqsadida genetik ekspertiza olib borilyapti.
Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar 180 nafar. Shifoxonaga joylashtirilgan 142 yarador orasidan 32 kishi sog‘ayib chiqdi. Bundan tashqari 9 bemorga kunduzgi statsionar, 38 kishiga ambulatoriya usulida yordam ko‘rsatilmoqda.
TQ mazkur terror xurujini uyushtirishda gumonlanib qo‘lga tushirilgan 4 nafar shaxs tergovga jalb qilingani, ular qo‘mita markaziy apparati binosiga olib kelinganini bildirdi. Tez orada jangarilarni hibsga olish chorasi ko‘rilishi qo‘shimcha qilingan.
Hodisa joyida to‘rt to‘plam jangovar amunitsiya, 2 ta Kalashnikov avtomati, 500 dan ziyod o‘q va 28 o‘qdon topilgan.
Bryansk viloyatida ushlash chog‘ida ehtimoliy jinoyatchilarga tegishli “Reno” rusumli avtomobildan Makarov pistoleti va Kalashnikov avtomati o‘qdoni musodara etilgan.
Prezident Vladimir Putin 24-martni milliy motam kuni, deb e’lon qildi. TQ terror harakati to‘g‘risida jinoyat ishi ochdi.
Davlat rahbari mamlakat fuqarolariga murojaatida Rossiya shunchaki chuqur va maqsadli tayyorgarlik ko‘rilgan terror xuruji emas, balki tashkillashtirilgan fojiaga duch kelganini ta’kidladi. Prezident ushbu jinoyatning barcha ijrochilari, tashkilotchilari va buyurtmachilari albatta haqqoniy jazosini olishlarini urg‘uladi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA