Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 17-martdagi qaroriga asosan, qarzdor Amudaryo tumanida joylashgan “AMUDARYOTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan undiruvchi “Amudaryo elita urug‘chilik” mas’uliyati cheklangan jamiyat foydasiga jami 491 million 310 ming 352 so‘m undirish belgilangan.
Ushbu qarorga asosan chiqarilgan ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va bo‘lim xodimlari tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan. Jumladan, ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdor “AMUDARYOTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyatning bank hisob raqamiga elektron inkassa qo‘yilgan hamda qarzdorga tegishli avtotransport vositasi va 5 ta ko‘chmas mulkiga band solingan.
Shuning natijasida qarzdordan undirilishi lozim bo‘lgan 491 million so‘mdan ortiq qarzdorlik joriy yilning 21-fevral kuni to‘liq undirilib, pul mablag‘lari undiruvchi “Amudaryo elita urug‘chilik” mas’uliyati cheklangan jamiyatning hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri