Yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘z bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida qator ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida navqiron avlodning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda o‘sib-ulg‘ayishi uchun zamonaviy ta’lim muassasalarini barpo etish, qayta ta’mirlash, ularni zarur jihozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tumandagi “Guliston” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 37-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi kapital rekonstruksiya qilinib, bayram arafasida foydalanishga topshirildi. Mazkur umumta’lim maktabi uchun 4 milliard 258,5 million so‘m mablag‘ sarflandi. Maktabda o‘quvchilarning zamonaviy ta’lim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Ochilish marosimida soha vakillari, faxriy ustozlar va mahalla faollari ishtirok etdi. Tuman hokimi V.Niyazimbetov barchani Navro‘z bayrami hamda umumta’lim maktabi binosining foydalanishga topshirilishi bilan muborakbod etdi.
Prezidentimiz tomonidan aholi, ayniqsa, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumandagi “Iqbol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “ATX GROUP-DEVOLOPMENT” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan loyiha qiymati 49,5 milliard so‘m bo‘lgan 132 ta turar joyga mo‘ljallangan majmuaning bir qismi foydalanishga topshirildi. Bayram munosabati bilan 11 ta xonadon egalariga yangi turar joyning kalitlari topshirildi.
Bayram arafasida, shuningdek, tumandagi “Duman qal’a” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Gold Water” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan loyiha qiymati 4 milliard so‘m bo‘lgan ichimlik suvini qadoqlash yangi loyihasi amalga oshirildi. Ushbu qadoqlash liniyasi foydalanishga topshirilishi bilan sakkiz nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Tadbir ishtirokchilari yangi sex faoliyati bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri