Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti diareya kasalligi bo‘yicha yangi hisobotini e’lon qildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati ma’lum qildi. Unda qayd etilishicha, xalq orasida ichburug‘ deb ataluvchi bu dard besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi o‘lim holatlarining ikkinchi asosiy omilidir.

Ushbu xastalik har yili dunyo bo‘yicha 525 ming nafar o‘g‘il-qizning hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lmoqda. Tahlillarga ko‘ra, diareya aksariyat hollarda ifloslangan oziq-ovqat va suv iste’moli oqibatida yuzaga keladi va rivojlanadi.

Bu boradagi vaziyat, afsuski, hamon xavotirli. Chunki Yer yuzida qariyb 780 million kishi toza ichimlik suvidan, 2,5 milliard odam esa oddiy sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum.

Ayniqsa, kam daromadli mamlakatlarda ahvol yomon. Bunday mintaqalarda uch yoshgacha bo‘lgan bolalar yiliga o‘rtacha uch marta o‘tkir diareya bilan og‘rishi hisob-kitob qilingan. Negaki, to‘yib ovqatlanmagan yoki immuniteti zaif kichkintoylar o‘rtasida ichburug‘ga chalinish xavfi yuqori.

Mutaxassislar ilgari diareya bilan bog‘liq o‘lim holatlariga asosan organizmning suvsizlanishi va suyuqlik yo‘qotishi sabab bo‘ladi, degan fikrda edi. Ammo endi xulosalar o‘zgargan.

Boisi, ayni paytda diareya bilan bog‘liq o‘lim holatlari ortishida septik bakterial infeksiyalarning ulushi yuqori. Shu tufayli ichburug‘ning tarqalish statistikasi rivojlangan davlatlarda ham bir qadar oshgan.

Kasallik chog‘ida organizmga tushgan ba’zi bakteriyalardan ajralgan toksinlar qonga so‘rilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha bo‘lgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘ladi.

Holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, ichning suyuq yoki qon aralash ketishi, tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rishi, dam bo‘lishi kabi simptomlar shular jumlasidan.

Agar o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u ichaklarning buralib qolishi, parez, ya’ni falajlik, infeksion-toksik shok, neyrotoksikoz kabi og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, JSST o‘z hisobotida toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, sanitariya-gigiyena talablariga amal qilish orqali kasallik xavfini kamaytirish mumkinligini eslatib o‘tadi.

“Diareyani davolashda og‘iz orqali qabul qilinadigan regidratatsiya tuzlarining ahamiyati katta. Qolaversa, 10-14 kun davomida 20 mg. sink tabletkalari bilan qo‘shimcha muolaja kursi kasallikni yengishda katta samara beradi”,  deyiladi hisobotda.

 

M.Qosimova, O‘zA