Yaponiyaning “Fukusima-1” atom elektr stansiyasi operatori mamlakat shimoli-sharqida favqulodda, payshanbadan jumaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan 5,8 magnitudali zilziladan so‘ng muzlatilgan jarayonni tikladi. Majmuadan yana tozalangan suv chiqa boshladi. Bu haqda “Tokyo Electric Power” kompaniyasi ma’lum qildi.

Ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, tektonik ta’sir tufayli tizimga ehtimoliy zararni aniqlash maqsadida suv oqimi to‘xtatilgan. Ta’kidlanishicha, hech qanday nosozlik yoki buzilish kuzatilmagan.

Mamlakat milliy meteorologiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bu galgi silkinish markazi ham Tinch okeanida, Fukusima muzofoti yaqinida qayd etildi. 2011-yil taxminan shu joyda 9 balli zilzila sodir bo‘lgan. Silkinishdan oldin butun mamlakat bo‘ylab favqulodda ogohlantirish tizimi ishga tushirilgan. Yaqinlashib kelayotgan zilzila haqida mahalliy aholining mobil qurilmalariga xabar yuborilgan. Tektonik zarbadan so‘ng seysmologlar mamlakat shimoli-sharqiy sohili uchun sunami xavfi borligini e’lon qildi, biroq bir necha daqiqadan so‘ng ogohlantirish bekor qilindi.

Yer silkinishi Yaponiyaning shimoli-sharqiy va markaziy qismidagi yetti prefekturada, jumladan Fukusima, Miyagi va Tokioda sezilgan. Qurbonlar va vayronagarchilik haqida ma’lumot yo‘q.

Ayni payt atom elektr stansiyasi hududida 1,34 million tonnadan ko‘p suv to‘plangan. Shu munosabat bilan Yaponiya hukumati tozalangan suvni asta-sekin okeanga chiqarishga qaror qildi. Bu amaliyot 30-40-yil davom etadi.

Mart oyida mutaxassislar qarori bilan suv oqizish jarayonining to‘rtinchi bosqichi boshlandi. Endi yana avvalgidek, kuniga 500 tonnadan oshirmasdan, 7 -8 ming tonnaga yaqin suvni chiqarib yuborish rejalashtirilgan.