Donald Tramp prezidentligi davridagi moliya vaziri Stiven Mnuchin Amerika bozorida yopilish tahdidi kuchaygan “Tiktok” ijtimoiy tarmog‘ini sotib olish uchun investorlar guruhi yig‘ilayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Vakillar palatasi “ByteDance” kompaniyasi tomonidan yarim yil ichida “Tiktok”ni sotish talabi qo‘yilgan qonun loyihasini tasdiqlab, ushbu tashabbusni ko‘rib chiqish uchun AQSH ma’muriyati roziligi bilan senatga jo‘natgan edi.
– O‘ylashimcha, qonun loyihasi qabul qilinishi kerak, Tiktok sotilishi kerak, – dedi Mnuchin CNBC telekanali efirida. – Bu juda zo‘r biznes, brendni sotib olish uchun guruh tashkil qilaman.
Bir vaqtlar Tramp “ByteDance” kompaniyasini biznesini “Oracle” va “Target” kompaniyalariga sotishga majburlab, “Tiktok”ni taqiqlash haqidagi farmonni imzolagan edi. Yangi Prezident Jo Bayden Trampning farmonini bekor qilgach, oldi-sotdi kelishuvi amalga oshmadi. Endi Kongress qabul qilsa, Bayden mazkur qonunni imzolashga va’da berdi.