Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayevning To‘rtko‘l tumanida yangi loyihalarni ishga tushirishda uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda investitsion loyihalarni ishga tushirish, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan va eksportyor korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ular uchun barcha qulay sharoitni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda ayrim soha mutasaddilarining o‘z vazifasiga bee’tibor qarashi va boshqa sabablarga bog‘liq uchrayotgan muammolar bo‘yicha yaqindan muloqot qilindi. Xar qanday investitsion, ishlab chiqarish va sanoatni rivojlantirish borasidagi loyihalar har doim qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Tadbir davomida bugungi kunda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, ijobiy yechim topish bo‘yicha tegishli soha mutasaddilariga topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri