Yoshga doir pensiyalar fuqarolarning murojaatisiz tayinlanadi
Pensiya ta’minoti tizimiga axborot texnologiyalarini faol joriy qilish orqali fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bosqichma-bosqich interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkazilmoqda. 2025-yil 1-martdan boshlab yoshga doir pensiyalar fuqarolarning murojaatisiz (avtomatik) tayinlanadi.
Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, 2024-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar joriy etildi. Xususan, fuqarolar pensiya tayinlashni so‘rab qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali onlayn murojaat qilish huquqi berildi.
Shuningdek, fuqaro jamg‘argan pensiya mablag‘larini Xalq bankining mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratildi. Bunda, fuqarolarga pensiya tayinlanganidan so‘ng jamg‘argan pensiya pulini olish uchun Pensiya jamg‘armasidan qog‘oz shaklidagi sertifikat berish tartibi bekor qilindi.
Shuningdek, 2025-yil 1-martdan boshlab pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, ya’ni hech qanday hujjat talab etmagan holda va fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi. Fuqaroning shaxsiga oid barcha ma’lumotlar vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.
Ushbu qulayliklarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida birinchidan, fuqarolardan pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish uchun Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilish talab etilmaydi.
Ikkinchidan, pensiya yoshiga yetgan fuqaroning telefon raqamiga “pensiya tayinlangani va uning miqdori” to‘g‘risida ma’lumot yuboriladi. Shuningdek, pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoki pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga “avtomatik” tayinlangan pensiyani to‘xtatish huquqi berilmoqda.
Fuqaroga “avtomatik” pensiya tayinlangani yoki pensiya tayinlanishi rad etilgani haqida SMS xabar yuboriladi. Fuqaro pensiya tayinlanganidan, pensiya miqdoridan yoki pensiya tayinlanishi rad etilganidan norozi bo‘lgan fuqarolar Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA