Intellektual mulk tizimini takomillashtirishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda

Yevroosiyo patent tashkiloti Yevroosiyo mintaqasida joylashgan bir qator davlatlarning patent tizimining ishlashi, ixtirolar va sanoat namunalarini huquqiy muhofazaga olish bilan bog‘liq ma’muriy vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi.
Adliya vaziri Akbar Toshqulov bilan Yevroosiyo patent idorasi prezidenti Grigoriy Ivliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofazaga olish va ularni tijoratlashtirish — iqtisodiyotni rivojlantirishdagi asosiy masalalardan biri ekanligi, globallashuv davrida milliy intellektual mulk tizimini doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligini alohida qayd etib o‘tishdi, deyiladi Adliya vazirligi ma’lumotida.
SG.Ivliyev Yevroosiyo hududidagi mamlakatlarning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi ushbu davlatlar o‘rtasida intellektual mulk sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga va ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirishga zamin yaratishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, mehmonlar intellektual mulk sohasida yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishini, jumladan, mutaxassislarining malaka oshirish kurslarida, stajirovkalar va ta’lim yo‘nalishidagi izlanishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi, deyiladi ma’lumotda.
M.Madaminova, O‘zA