Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimi takomillashtirilmoqda.

Shu maqsadda 2024-yil 13-martda davlatimiz rahbarining “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmoni imzolandi.

Farmonga ko‘ra,  Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KRI), ularga erishish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”, hududlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot har chorakda “samaradorlik.uz” elektron platformasiga kiritiladi hamda unda rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligi reytingi shakllanadi.

Samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilgani Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tashkilotlar yoki Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari tomonidan tasdiqlanadi. Bundan natijasi avtomatik tarzda shakllantiriladigan samaradorlik ko‘rsatkichlari mustasno.

 

N.Abduraimova,

O‘zA