Milliy kadrlar zaxirasidan 114 nafari rahbarlik lavozimlariga tayinlangan

240

Davlat fuqarolik xizmatida rahbarlik lavozimlarini munosib kadrlar bilan to‘ldirish uchun Milliy kadrlar zaxirasi qanday shakllantirilmoqda?

Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova javob berdi:

– Milliy kadrlar zaxirasiga vazirlik va idoralarda, viloyat, tuman, shahar hokimliklari hamda xususiy sektorda samarali faoliyat yuritayotgan shaxslar, hududdagi tashkilot va korxonalar rahbarlari, xorijiy davlatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan iqtidorli shaxslar nomzod sifatida tanlab olinmoqda.

Nomzodlar orasidan eng munosiblarini tanlab olish rahbarlik ko‘nikmasi, sohaga oid bilimi, ma’naviyati hamda psixologik holatini aniqlaydigan maxsus imtihon va baholash natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi va zaxiraga kiritiladi.

Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya kabi davlatlarning tajribasidan kelib chiqqan holda agentlik tomonidan elektron tizim – zaxira.argos.uz platformasi yaratildi.

Mazkur elektron tizim orqali Milliy kadrlar zaxirasi yuritiladi va boshqariladi. Zaxiraga olingan shaxs haqida to‘liq ma’lumotlar, uning portfoliosidan tortib, baholash natijalarigacha ushbu tizimdan o‘rin olgan.

Bugungi kunga kelib zaxiradan turli darajadagi rahbarlik lavozimlariga tayinlangan nomzodlar soni 114 nafarga yetdi. Shundan 3 nafari vazir o‘rinbosari, 14 nafari viloyat hokimi o‘rinbosari, 47 nafari tuman (shahar) hokimi, 50 nafari boshqa mas’ul lavozimlarga tayinlandi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA