O‘zbekiston dunyo sayyohlarini chorlaydi

Yaqinda mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida o‘tkazilgan tadbir shunday nomlandi.
“ITB Berlin” xalqaro turizm yarmarkasi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, Germaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi prezidenti Norbert Fibig va boshqalar ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekistonning boy tarixiy, madaniy merosi, uni saqlash va dunyo sayyohlariga namoyish etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotir. Ayniqsa, bunda O‘zbekiston va Germaniya turistik firmalari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, turizmning turli yo‘nalishlari bo‘yicha birgalikda ishlash borasida katta imkoniyatlar mavjudligi yanada ahamiyatli.
Tadbir davomida “Axsikent arxeologik bog‘i” kitobining taqdimoti o‘tkazilishi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, yurtimiz sayyohlik salohiyatiga doir videoroliklar namoyish etildi.
Mamlakatimizdan kelgan san’atkorlarning musiqiy chiqishlari esa tadbirga bayramona shukuh bag‘ishladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA