O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27-iyuldagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, uning hududiy bo‘limlari davlat ijrochilari tomonidan ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulklarni elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali realizatsiya qilish uchun elektron buyurtmalarni berish ishlari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, shu kunga qadar elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali jami 1 trillion so‘mlik 2 ming 762 ta mol-mulk bo‘yicha buyurtma berilgan bo‘lib, shundan 133,8 milliard so‘mlik 891 ta mol-mulk auksion savdolarda sotildi. Shu jumladan, joriy yilning ikki oyi davomida Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tuman bo‘limlari tomonidan ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida 46 milliard 612 million so‘mlik 103 ta ko‘chmas mulk, maxsus texnika va avtotransport vositasi elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.
Masalan, Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 22-iyundagi qaroriga asosan qarzdor “Trans kontinental mashineri” va “Alfa trans Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyatlaridan “Turon bank” aksiyadorlik tijorat banki foydasiga 2 milliard 355 million so‘m undirish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdorga 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan. Qarzdorga tegishli bo‘lgan qiymati 3 milliard 964 million so‘mlik 8 ta avtotransport vositasi bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan tegishli tartibda xatlovga olingan. Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, xatlangan avtotransport vositalari elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilgan bo‘lib, undan tushgan pul mablag‘lari bank tashkiloti foydasiga o‘tkaziladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri