Joriy yilning 26-iyul-11-avgust kunlari Fransiya sport maydonlarida o‘tadigan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalari ko‘pchilik charm qo‘lqop ishqibozlarining diqqat markazidagi musobaqalardan biri sanaladi.

Xo‘sh, bu galgi to‘rt yillik o‘yinlarda boks bahslari erkaklar va ayollar o‘rtasida qancha vaznda o‘tkaziladi? Umumiy hisobda qancha bokschi ishtirok etishi belgilangan? Yozgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun o‘tkazilayotgan saralash musobaqalari qaysi holatda? Bugungacha qaysi davlat qancha yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi, yana qancha yo‘llanma qaysi musobaqalarda o‘z sohiblarini topadi?

Darhaqiqat, bugungacha Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan litsenzion musobaqalarning Yevropa, Afrika, Osiyo, Amerika, Tinch okeani imntaqasi mamlakatlari uchun saralash musobaqalari o‘tgan yili yakunlangan bo‘lsa, kuni kuni kecha Italiyada 1-Olimpiya saralash musobaqasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Faqat joriy yilning 23-may-5-iyun kunlari Bangkokda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga ikkinchi saralash musobaqasida 28 ta erkak va 23 ta ayol sportchiga ajratilgan kvotalar uchun janglar bo‘lib o‘tadi.

Italiyada Parij Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi 1-saralash turnirida belgilangan 49 ta yo‘llanma o‘z sohiblarini topdi.

E’tiborli jihati, 3-11-mart kunlari o‘tkazilgan mazkur turnirda O‘zbekiston bokschilari 5 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston terma jamoasi ham 5 ta yo‘llanmaga ega chiqdi. Mezbon Italiya 4 ta yo‘llanmaga ega chiqqan bo‘lsa, Polsha 3 ta, Filippin, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kolumbiya terma jamoalari 2 tadan, AQSH, Turkiya, Fransiya, Kuba, Braziliya, Ozarbayjon kabi 21 ta davlat terma jamoalari 1 tadan yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Aytish lozim, “Parij-2024” Olimpiadasida umumiy hisobda 248 nafar bokschi ishtirok etsa, shundan 124 nafari erkak va 124 nafari ayol bokschilardir. Bu, o‘tgan “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlaridan 41 ta kam deganidir.

Boks bo‘yicha “Parij-2024” yo‘llanmalarini qo‘lga kiritgan davlatlar holatiga e’tibor qaratsak, hozirda Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalari uchun eng ko‘p yo‘llanmalarga erkaklar va ayollar holatida Avstraliya ega bo‘lib turibdi. Ushbu davlat vakillari 12 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shundan 6 ta erkaklar va 6 ta ayollar vaznida. Undan keyingi o‘rinda borayotgan Braziliya terma jamoasi 10 ta yo‘llanma sohibi, mamlakatimiz bokschilari 9 ta yo‘llanmaga ega bo‘lgan. Shundan erkaklar vaznida 7 ta yo‘llanma qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ayollar vaznida 2 ta yo‘llanma naqd qilindi.

Bokschi qizlarimiz endi Tailandda o‘tadigan so‘nggi saralash musobaqasida qolgan yo‘llanmalarga ega chiqish uchun harakat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, “Parij-2024” Olimpiadasida erkaklar 7 ta, ayollar 6 ta vazn toifasida to‘rt yillikning nufuzli musobaqasi medallari uchun janglarda ishtirok etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA