Nukusda informatika va axborot texnologiyalari fanidan 5-8 sinf o‘quvchilari o‘rtasida tanlovning Qoraqalpog‘iston bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 6-oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida sohada kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va aholining kundalik hayotiga keng joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi choralar davlat organlari va tarmoq tashkilotlarini malakali IT-mutaxassislar bilan ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash asosida tasdiqlangan 2020-2023-yillarda informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishida uzluksiz ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha turli musobaqalar va tanlovlarni tashkil etish belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilari bilan o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalarini baholash markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, u 150 dona zamonaviy kompyuter bilan jihozlandi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad o‘quvchilarning intellektual ijodiy qobiliyatini aniqlash va rivojlantirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida ilmiy bilimlarni targ‘ib qilish uchun shart-sharoit yaratish, informatika va axborot texnologiyalari sohasida qobiliyatli o‘quvchilarni nufuzli xalqaro olimpiadalarga tayyorlashdir.
Tanlovda Mo‘ynoq tumanidagi ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 7- sinf o‘quvchisi Isamatdin Boybolov birinchi, Taxiatosh tumanidagi 6-sonli umumta’lim maktabi 7- sinf o‘quvchisi Farangiz Qalboyeva ikkinchi, Nukus shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabi 8- sinf o‘quvchisi Malika Xojamuratova uchinchi o‘rinni egalladi.
Tanlovda eng yuqori ball to‘plagan 16 nafar o‘quvchiga xalqaro olimpiadada ishtirok etish uchun yo‘llanma berildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari