Mamlakatimiz agrar sohasi iqtisodiyotning muhim tarmog‘i bo‘lib, u yalpi ichki mahsulotning 20 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. Bugungi kunda ushbu agrosanoat sektori yurtimizning oziq-ovqat xavfsizligini to‘liq ta’minlabgina qolmay, eksport salohiyatini muntazam oshirib bormoqda.

Ertaga, ya’ni 12-mart kuni poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida o‘z ishini boshlaydigan “Agro sanoati – AgroWorld Uzbekistan 2024” 19-xalqaro ko‘rgazmasida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan yaqindan tanishishga imkoniyat yaratiladi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan tashkil etilayotgan ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston, Avstriya, Belarus Respublikasi, Belgiya, Germaniya, Gruziya, Daniya, Isroil, Hindiston, Eron, Ispaniya kabi 21 mamlakatdan 135 ta kompaniya ishtirok etadi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonovaning so‘ziga ko‘ra, “O‘zekspomarkaz”ning  1-pavilonida issiqxona xo‘jaligi, o‘g‘itlar, urug‘lar, sug‘orish, donni qayta ishlash va saqlash uskunalari, 2-pavilonda esa parrandachilik, chorvachilik, oziqlantirish, omuxta yem, veterinariyaga doir mahsulotlar namoyish etiladi.

–Ko‘rgazmada xorijiy ishtirokchilar soni 90 foizni tashkil etadi. Mahalliy kompaniyalar tomonidan esa o‘g‘itlar, issiqxonalar, parrandachilik, tomchilatib sug‘orish quvurlari, yog‘-moy uskunalari ishlab chiqarish uchun turli xil uskunalar, shuningdek, veterinariya preparatlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun shinalar singari mahsulotlar taqdim etiladi. An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmaning ikkinchi kunida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ko‘magida “Fermer kuni” o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda ko‘rgazma ishtirokchilari uchun uchrashuvlar o‘tkaziladi. Muhimi, ishtirokchilar orasida ilk marotaba o‘z imkoniyatlarini namoyish etayotgan korxonalar soni yil sayin oshib bormoqda, – dedi O.Bobojonova.

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA