“Veolia Energy Tashkent” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 1-apreldan issiqlik ta’minoti xizmatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi bekor qilinadi.

Ushbu kundan boshlab suv ta’minoti, kanalizatsiya va sanitariya jihatdan tozalash xizmatlari uchun ham QQSning “nol” darajali stavkasini qo‘llash bekor qilinadi. Bu o‘zgartirishlar yil boshida Soliq kodeksiga kiritilgan edi.

Bu degani, 1-apreldan issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun haq to‘lashda belgilangan tarifga 12 foiz QQS qo‘shiladi. Ilgari ushbu xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha aylanmada QQSning nol stavkasi qo‘llanardi.

QQS davlat byudjetiga tushadi, u issiqlik tarifining bir qismi hisoblanmaydi. Hozirgi holatda tarif qayta hisob-kitob qilinmaydi. QQS soliq hisoblanadi, tarifning bir qismi emas. Shuning uchun 1-apreldan boshlab isitish xizmatlari uchun barcha to‘lovlar QQS bilan to‘lanadi. Issiqlik energiyasini sotishda QQSni hisoblash Soliq kodeksining 242 va 265-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Yana bir ma’lumot, Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 1-apreldan suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya jihatdan tozalash hamda issiqlik ta’minoti bo‘yicha xizmatlarga QQSning nol darajali stavkasini qo‘llash bekor qilinadi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA