Mamlakatimizda yo‘l xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish va raqamlashtirish, sohada sifat nazoratini kuchaytirish xususiy sektor korxonalarini keng jalb qilish uchun sharoit yaratish hamda byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Sohaga qaratilayotgan katta e’tibor natijasida hududimizda avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi direktori Shavkat Dauletyarov. – Jumladan, o‘tgan yili bosh boshqarma tasarrufidagi umumiy foydalanishdagi 288,5 kilometr uzunlikdagi yo‘l va  492,3 pogonometr uzunlikdagi ko‘prikda 310 milliard 556,8 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.. A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 753-765 kilometrida hamda 4R-176 “Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir” avtomobil yo‘lining 58-63 kilometrida jami 9 kilometr yo‘l foydalanishga topshirildi. Respublikadagi 4 ta ko‘prikda 8 milliard 520,1 million so‘mlik, 8 kilometr uzunlikdagi 3 ta inshootda 13 milliard 385,1 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.

Mamlakatimiz infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga va Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan dasturlarga kiritilgan, shuningdek, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari asosida moliyalashtiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyihalar obyektlarining bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari Qurilish vazirligining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida inson omilisiz o‘tkaziladigan elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanmoqda. Shu asosda hozir Nukus tumanida 1 ta, Amudaryo tumanida 5 ta inshootda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Hududdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini saqlash va avtomobil transportining xavfsiz harakatlanishini, jumladan, avtomobil yo‘llarida katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishini ta’minlash, avtomobil yo‘llarining ta’mirlash muddatigacha buzilishining oldini olish maqsadida bugungi kunda  transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish bo‘yicha 2 ta punkt foydalanishga topshirilgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri