Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanidagi “Qonliko‘l” shaharcha fuqarolar yig‘inida umrguzaronlik qilib kelayotgan Sasanem Qurbaniyazova yaqinda o‘zining yuzinchi bahori bilan yuzma-yuz bo‘ldi.

Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor” degan maqol bejizga aytilmagan, chunki keksalari bor uyda qut-baraka, tinchlik-totuvlik, ahil-inoqlik bo‘lishi ham shundan. Ayniqsa, keksa avlod vakillari, yuz bilan yuzlashgan nuroniylar duosini olish xalqimizning ibratli fazilatlardan hisoblanadi.

Hayoti davomida turli qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan Sasanem momo farzandlari, kelinlari, nabira, evara, chevaralari davrasida, inson qadri yuksak qadrlangan  yurtda mana shunday dorilamon kunlarga yetkazganiga shukrona aytib yashamoqda. Har yili xotin-qizlar bayrami momoga qo‘shaloq bayram bo‘lib keladi. Bu yil esa yanayam o‘zgacha bo‘ldi.Chunki momo 7-mart kuni yuzinchi bahorini nishonladi.

Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, tuman hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi vakillari onaxon xonadoniga tashrif buyurib, bayram hamda muborak yoshi bilan qutladi. Unga yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi mehnati, yosh avlodni Vatanga sadoqat, umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi xizmati uchun “Ardoqli nuroniy” ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘z navbatida, onaxon duoga qo‘l ochar ekan, keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib,  yurtimizga tinchlik, xalqimizga sog‘lik-omonlik tiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri