Markaziy Osiyo xalqaro institutida Yaponiyaning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari Takashi Xatori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida sheriklikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.

Yaponiya Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini izchil qo‘llab-quvvatlamoqda, infratuzilma va inson salohiyatini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. O‘zaro hamkorlik umumiy mintaqaviy ustuvorlikka erishish uchun kalit vazifasini o‘tamoqda.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam ravishda o‘tkazilayotgan Maslahat uchrashuvlari o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan mehmon “Markaziy Osiyo+” formati, jumladan “Markaziy Osiyo+Yaponiya” mexanizmi doirasida olib borilayotgan birgalikdagi sa’y-harakat samaradorligiga e’tibor qaratdi.

Yaponiya tahlil markazlari bilan qo‘shma tadbir, konferensiyalar o‘tkazish bo‘yicha ijobiy tajriba almashishda tomonlar faolligi muhim ekani ta’kidlandi.

Shu nuqtayi nazardan Yaponiya tomoni MOXI va global xavfsizlik hamda barqarorlik bo‘yicha tahliliy markaz – Yaponiya xalqaro munosabatlar instituti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishga tayyorligini bildirdi. Bu jarayonda amaliy hamkorlik izchil qo‘llab-quvvatlanadi, ilmiy-tadqiqot salohiyatidan unumli foydalaniladi, turli qo‘shma tadbirlar tashkil etiladi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA