Keyingi yillarda O‘zbekiston – AQSH savdo-iqtisodiy munosabatlari ko‘lami tobora kengayib bormoqda.
O‘zbekistondagi “BMB Holding” xolding kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov AQSHning Favqulodda va muxtor elchisi janob Jonatan Xenik bilan uchrashdi. Unda amerikalik diplomatlar “BMB Holding”ning keng ko‘lamli faoliyati, O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlarida amalga oshirayotgan eksportga yo‘naltirilgan yirik investitsiyaviy loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Xususan, “BMB Holding” AQSHning “McCormick Global Ingredients Ltd” kompaniyasi bilan o‘zbek za’faronini AQSH bozoriga eksport qilish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilib kelayotganligi ta’kidlandi. AQSHning eng yirik gipermarketlar tarmoqlaridan biri bo‘lgan “COSTCO” kompaniyasi boshqaruv kengashi vakilining “BMB Holding” korxonalariga tashrifi hamda o‘zbek za’faroni, za’farondan tayyorlangan qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni Amerika bozorlariga, xususan, “COSTCO” gipermarketlar tarmog‘iga yetkazib berish borasida kelishuvga erishildi.
O‘zaro hamkorlik aloqalarining davomi sifatida joriy yilning ikkinchi choragida “BMB Holding” delegatsiyasining AQSHga ishchi tashrifi tashkil etilishiga ham kelishib olindi.
Agrologistika majmuasining faoliyati, uning quvvati, eksport salohiyati va jug‘rofiyasi, xizmat turlari, shuningdek, yaratilgan boshqa imkoniyat va sharoitlari haqida so‘z ketganda, ushbu zamonaviy agrologistika kompleksini tashkil etish loyihasining umumiy qiymati 57 million 700 ming AQSH dollarini tashkil etib, kompleks uchta moduldan iboratdir. Ularning har birida yiliga 270 ming tonnagacha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish quvvati mavjud. Loyihani amalga oshirish uchun Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidan 40 gektar yer maydoni ajratilgan. Barcha rejalashtirilgan modullarning umumiy aylanma quvvati yiliga 810 ming tonnani tashkil etadi.
Shuningdek, xorijlik ishbilarmonlar aynan shu tumanda barpo etilayotgan yana bir yirik investitsion loyiha – “BMB Agro Plus” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. “BMB Holding” tasarrufidagi meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat klasterlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni tashkil etish, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda Yevropa mamlakatlariga eksport qilish maqsadida “BMB Agro Plus” korxonasining birinchi bosqichi may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari