Italiyada o‘tayotgan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining boks bellashuvlari uchun yo‘llanma beruvchi I Jahon kvalifikatsion turnirida navbatdagi kun ham O‘zbekiston terma jamoasi vakillari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.

Unda vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan Rayhona Qodirova ispaniyalik Sheila Martines Perezni, 63,5 kilogrammgacha vaznda Ruslan Abdullayev hindistonlik Shiva Tapani va 71 kilogrammgacha vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev jazoirlik Islam Yachi Yusufni mag‘lubiyatga uchratdi.

Ma’lumot uchun, 11-mart kuniga qadar davom etadigan musobaqaning bugungi bellashuvlarida ikki nafar charm qo‘lqop ustamiz ishtirok etadi. Aniqrog‘i, vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan Aziza Zokirova Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun o‘tadigan ilk bahsda Baison Manikonga (Tailand) qarshi bellashadi. Shuningdek,

Rayhona Qodirova -60 kg vaznda ikkinchi jangini germaniyalik Maria Ganglbauyerga qarshi o‘tkazadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA