O‘zbekiston – ITFC: tomonlar o‘rtasida umumiy qiymati 700 million dollarlik bitimlar imzolandi

318

Shu kunlarda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) bosh ijrochi direktori Hani Salem Sonbol boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Arab muvofiqlashtirish guruhining yig‘ilishida ishtirok etdi. Shuningdek, mehmon tomon hamda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, banklari, xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuv ulardan biri.

Uchrashuv doirasida tomonlar 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan 600 million AQSH dollari miqdoridagi hamkorlik to‘g‘risidagi hadli bitim imzoladi. Unga ko‘ra, savdo va biznesni rivojlantirish, zarur tovarlar, mahsulotlar importini moliyalashtirish, davlat korxonalarini davlat kafolati bilan yoki davlat kafolatisiz moliyalashtirishni kengaytirish, xususiy sektor mijozlarining savdoni moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mahalliy banklar va boshqa moliya institutlarini moliyalashtirish liniyasini taqdim etish kabi qator ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ushbu kunning ikkinchi yarmida Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) bosh ijrochi direktori Hani Salem Sonbol boshchiligidagi delegatsiya Iqtisodiyot va moliya vazirligida ham bo‘ldi. Tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda vazirlik va ITFC o‘rtasida “Oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash” loyihasiga asosan 100 million AQSH dollari miqdorida “Murabaha” moliyalashtirish bitimi va agentlik kelishuvi imzolandi.

Mazkur bitim O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan. Mablag‘lar 24 oygacha bo‘lgan muddatga qulay shartlarda ikki transhda ajratiladi. Ushbu mablag‘lar O‘zbekiston aholisining ehtiyojlarini qondirish, mamlakat agrar sektorining barqarorligi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.

– Bugungi imzolangan kelishuvlar O‘zbekiston bilan hamkorligimizni mustahkamlaydi, – dedi ITFC bosh ijrochi direktori Hani Salem Sonbol. –Shu bilan birga, bu O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga intilishimizdan dalolatdir. Ushbu hamkorlik loyiha va dasturlar mamlakat iqtisodiyotining yuksalishiga ijobiy hissa qo‘shadi. Biz oziq-ovqat xavfsizligi va xususiy sektor kabi asosiy tarmoqlarni rivojlantirishda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz.

Ma’lumot o‘rnida, Xalqaro islom savdo va moliya korporatsiyasi 2008-yilda tashkil etilgan va u Islom taraqqiyot banki guruhining a’zosi hisoblanadi. Korporatsiyaning asosiy maqsadi Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida savdoni rivojlantirishdan iboratdir.

Shu vaqtga qadar ITFC Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarga 75 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratgan. 2018-yilda mazkur tashkilotning mamlakatimiz bilan hamkorligi boshlangan. 2019-yilda esa ITFC va o‘zbek tomoni o‘rtasida 4-yil muddatga 500 million AQSH dollari miqdoridagi hadli bitim imzolangan.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA