Sudan poytaxti Xartumni isyonchi Tezkor harakat kuchlaridan ozod qilish bo‘yicha harbiy amaliyot yaqin kunlarda boshlanadi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Ali Sodiq Ali “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.

– Yaxshi xabar kutyapmiz, ozodlik harakati tez orada boshlanadi, – degan u. – Yo‘ldosh-shahar Omdurman isyonchilardan, qariyb, tozalandi. Umid qilamizki, ularni shaharning qolgan qismidan ham haydab chiqaramiz.

2023-yil 15-apreldan buyon Sudanda Muhammad Hamdan Daglo qo‘mondonligidagi Tezkor harakat kuchlari va muntazam armiya o‘rtasida jang kechmoqda. Tomonlar ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalari orqali harbiy harakatda erishayotgan muvaffaqiyati, nazorat qilib turgan manzillari haqida bir-birini inkor etuvchi xabarlar tarqatib kelmoqda.