Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Toshkent shahrida sport ta’limi, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yangi zamonaviy obyektlar, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab, Toshkent shahrida barpo etilgan Bahodir Jalolov ixtisoslashtirilgan boks sport maktabini borib ko‘rdi.

Olimpiada va Osiyo o‘yinlari g‘olibi, ikki karra jahon va uch karra Osiyo chempioni Bahodir Jalolov O‘zbekiston sportining bayroqdori hisoblanadi. U keyingi yillarda professional boksda ham muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.

Yurtimizda bunday chempionlar faoliyatini targ‘ib qilish, ularning namunasida yosh sportchilarni tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2022-yil 14-martdagi qaroriga muvofiq, shunday yana bir maskan – Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi tashkil etildi.

Bu yerda xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash, buning uchun yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni jalb etish, o‘quv-mashg‘ulotlarni xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish hamda ilg‘or tajribalar asosida uning sifatini oshirib borish yo‘lga qo‘yilmoqda.

To‘rt qavatli zamonaviy binoda buning uchun barcha sharoit yaratilgan. Birinchi qavatda asosiy sport zali, suzish havzasi, tibbiyot xonasi va oshxona bor. Ikkinchi qavatda psixologiya, xorijiy tillar, nazariy mashg‘ulotlar, informatika va o‘qituvchilar xonalari, shuningdek, 45 o‘rinli mehmonxona joylashgan. Uchinchi va to‘rtinchi qavatlarda 235 o‘rinli yotoqxona, ma’naviyat xonasi tashkil etilgan. Shuningdek, bino yerto‘lasida avtoturargoh qurilgan.

Boks maktabi 175 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 5-11-sinflarga har yili 25 nafardan o‘quvchi saralab olinadi. Ilk iqtidorlar 2022 yilgi o‘quv yilida qabul qilingan va bugungi kunda 50 nafar o‘quvchi saboq olmoqda. Ular butun mamlakatimizdan kelgan talabgorlar orasidan saralab olingan.

Bahodir Jalolov maktabi o‘quvchilari 2023-yilda xalqaro va respublika musobaqalarida 26 ta oltin, 18 ta kumush, 15 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan. Bu yil ham qator turnirlarda ishtirok etish rejalashtirilgan.

Maktab butun mamlakatimiz yosh bokschilari uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘ladi. Yosh istiqbolli bokschilarni tanlash va tarbiyalash bo‘yicha boshqa sport maktablari va markazlari bilan hamkorlik qilib boradi.

Shu bois maktabda yosh sportchilar, soha mutasaddilari bilan muloqot bo‘ldi. Muloqotga videoaloqa orqali hududlar ham ulandi.

– Biz bu yilni Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qildik. Har doim ham bu masalaga alohida e’tibor qaratib, yoshlarga kerakli sharoitlarni yaratayapmiz. Ularning salohiyati, intilishi kuchli. Boks bo‘yicha dunyoda yetakchilar qatoridamiz. Bu salohiyatni, iqtidorli yoshlarimizni rivojlantirish maqsadida shu maktabni tashkil etdik. Endi Bahodir Jalolov maktabi o‘z yo‘nalishida xuddi Prezident maktabidek namunaviy tizim bo‘ladi. Boks metodologiyasi, diyetologiyasi, tibbiyoti, psixologiyasi hududlardagi sport maktablarida ham rivojlantiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyat hokimlariga sport federatsiyalari bilan hamkorlikni yaxshilash, hududlarda ularning ishiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, xususan, ularni boksga jalb etish, buning uchun maktab va to‘garaklarda sharoitlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Sport gimnastikasi bo‘yicha uch karra jahon chempioni, jahon kubogi sohibi Oksana Chusovitina – mamlakatimiz faxri. U sakkizta Olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Yurtimizda shunday sportchining bo‘lishi bolalar uchun namuna, dalda. Prezidentimizning 2022-yil 14-martdagi Oksana Chusovitina ixtisoslashtirilgan gimnastika sport maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori sportsevar yoshlarga katta sharoit yaratdi.

Davlatimiz rahbari ushbu sport maktabiga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoitlarni va mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi.

Muassasa milliy terma jamoalar uchun xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash, yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni jalb etib, o‘quv-mashg‘ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish, murabbiylar va gimnastikachilar mahoratini muntazam oshirib borishga yo‘naltirilgan. Buning uchun uch qavatli zamonaviy binoda barcha sharoit yaratilgan.

Birinchi qavatda asosiy zal va mashg‘ulotlar zali, trenajyor maydonchasi, tibbiyot xonasi va oshxona joylashgan. Tepa qavatlardan 165 o‘rinli yotoqxona, mehmonxona, informatika va ma’naviyat xonalari o‘rin olgan. Maktab Germaniyadan keltirilgan sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlangan.

Gimnastika maktabi 5-11-sinflardagi 105 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Bugungi kunda 91 nafar o‘g‘il-qiz mahoratini oshirmoqda. Ularga ikkita xorijiy til ham o‘rgatiladi.

Chusovitina izdoshlari o‘tgan yili sport gimnastikasi va badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro musobaqalarda 4 ta, respublika turnirlarida 6 ta va sport maktablari o‘rtasida 24 ta medalni qo‘lga kiritgan.

Muhimi shundaki, gimnastikachi yoshlar bir joyning o‘zida yashab, ta’lim olib, mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Umuman olganda, bu sport maktabi gimnastikachilar uchun respublikada yagona o‘quv-mashg‘ulot bazasiga aylanadi.

Shu yerda sport sohasi mutasaddilari hamda videoaloqa orqali hududlar rahbarlari ishtirokida muloqot bo‘ldi.

– Nima uchun biz bu yo‘nalishga katta e’tibor berib, maktablar yaratayapmiz? Gimnastika – hamma sport turlarining asosi. Futbolchi ham, bokschi ham, sog‘lom bo‘laman degan inson ham gimnastika qilishi kerak. Iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlarga ta’lim berish bilan birga ularni sport bilan shug‘ullantirolsak, yurtimizda sog‘lom zurriyod, sog‘lom millat bo‘ladi, – dedi Prezident.

Ushbu maqsadda gimnastikani bolalar bog‘chalaridan keng joriy qilish, qobiliyatli sportchilarni saralashni shu bosqichdan boshlash, har bir hududda ikkitadan gimnastika maktabi tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil Fransiyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan sportchi va ularning murabbiylariga alohida sharoit yaratish, munosib tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.

So‘nggi vaqtlarda ekologik muammolar, ayniqsa, havo tozaligi keng jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Ekologik xavfsizlik talablariga javob bermaydigan avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar va yo‘llardagi tirbandliklar buning asosiy sabablaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Jumladan, avtotransport vositalarining zararli tashlanmalari bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahri Mirobod tumani Fayzobod mahallasida joylashgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi mutlaqo yangi uslubda ishlovchi zamonaviy diagnostika markaziga aylantirildi.

Davlatimiz rahbari markaz faoliyati bilan tanishdi.

Markaz faoliyatini tashkil etishda Germaniya, Belgiya, Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlar shaharlarining ekologik muhitini muhofaza qilish sohasidagi ilg‘or tajriba inobatga olingan.

Bu yerda transport vositalariga davlat raqam belgisi biriktirish va qayd etish guvohnomasini topshirish jarayoni turli byurokratik to‘siqlar va ovoragarchilikdan xoli qilingan, inson omili minimal darajaga tushirilgan. Avval avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni olti-yetti bosqichda amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bosqichlar soni uchtaga qisqardi.

Asosiysi, endilikda markazda avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi va ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib RFID chip o‘rnatilgan «qizil», «sariq» yoki «yashil» yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi.

Kelgusida joriy ekologik vaziyatdan kelib chiqib, shahar hududi bir nechta ekologik zonalarga ajratiladi va transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga ko‘ra, ya’ni stiker rangiga qarab, ayrim ekologik zonalarga kirishni bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda. Bunda ekologik zonalarga ruxsat etilmagan transport vositalarining kirishi avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik natijasida kelib tushayotgan jarimalar hududning ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Tizim to‘laqonli ishlashi uchun mamlakat bo‘ylab 100 ga yaqin havoni monitoring qilish avtomatik stansiyalari o‘rnatilishi, transport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan zarari darajasini baholash uchun 84 ta ro‘yxatga olish-diagnostika markazlarini, shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining 216 ta hududiy tuman bo‘linmalarini zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.

O‘z navbatida aholi uchun elektromobillarni xarid qilishni rag‘batlantirish, shu jumladan, bunday toifadagi avtomobillar uchun davlat raqamlarini berishda undiriladigan to‘lov miqdorlarini kamaytirish yuzasidan aniq amaliy choralar ko‘riladi.

Avtotransport vositalarini ro‘yxatga olish va diagnostika markaziga tashrif chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahridagi gavjum chorrahalar va ko‘chalarni tartibga solish, bu orqali tirbandliklarni bartaraf etishga oid loyiha taqdimot qilindi.

Loyiha o‘z oldiga uchta asosiy vazifa qo‘ygan – piyodalar xavfsizligi va qulayligi, jamoat transportiga ustuvorlik, o‘tkazish qobiliyatini oshirish va yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish.

Mazkur loyiha sinov tariqasida Toshkent shahridagi yirik chorrahada – Bobur va Furqat ko‘chalari kesishmasida amalga oshirildi.

Piyodalar uchun chorrahalarda “xavfsizlik orolchalari” bunyod etildi, piyodalar o‘tish joyida svetoforni boshqarish uskunalari o‘rnatildi. Jamoat transporti bekatlari yo‘lovchilar uchun tushib chiqishga qulay tarzda qayta loyihalashtirildi.

Shuningdek, chorrahalarga davomiyligi oqimga qarab moslashadigan intellektual svetoforlar tizimi tashkil etildi.

Bu kabi loyihalar natijasida chorrahalarning o‘tkazish qobiliyati sezilarli darajada oshib, tirbandliklar kamayadi, jamoat transporti yanada samarali bo‘ladi.

Prezidentimiz bu ishlarni kengaytirish, “shahar – piyodalar uchun” tamoyilini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Tashkent City Mall savdo-ko‘ngilochar markaziga ham bordi.

Majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, zamonaviy tijorat va xizmat turlarini qamrab olgan. 5 qavatda savdo do‘konlari, restoran va kafelar, ko‘ngilochar o‘yinlar va sport maydonlari joylashgan. Yer ostida 2 qavatli avtoturargoh bor.

Markazda dunyoning eng oldi brendlari shoxobchalarini ochgan. Ular orasida birinchi marta O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotganlari ham talaygina.

Ulkan maydonda bolalar va kattalar uchun yopiq o‘yingohlar mavjud. Shuningdek, 14 ta kinoteatr tashkil etilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda odamlar xarid qilishi, dam olishi, sport bilan shug‘ullanib, vaqtini chog‘ o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Majmua bir kunda 60 ming kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Unda 3 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

Prezident bu yerga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari mazkur majmuaning bir qismi bo‘lgan besh yulduzli mehmonxonada yaratilayotgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

31 qavatli bu mehmonxona bir vaqtning o‘zida 500 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Unda yuqori martabali mehmonlar uchun sharoitlar, 273 ta standart xona tashkil etiladi.

Shuningdek, katta va kichik konferensiya zallari, ochiq va yopiq suzish havzalari, restoran va kafeteriya xizmat ko‘rsatadi. Binoda zamon talabiga mos “Aqlli uy” tizimi hamda tezyurar liftlar o‘rnatilgan.

Mehmonxona may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda yana 500 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Xalqimizga zamonaviy xizmatlar taqdim etadigan bunday markazlarni mamlakatimizning boshqa shaharlarida ham barpo etish muhimligi aytildi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari