Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.

So‘nggi vaqtlarda ekologik muammolar, ayniqsa havo tozaligi keng jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Ekologik xavfsizlik talablariga javob bermaydigan avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar va yo‘llardagi tirbandliklar buning asosiy sabablaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Jumladan, avtotransport vositalarining zararli tashlanmalari bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahri Mirobod tumani Fayzobod mahallasida joylashgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi mutlaqo yangi uslubda ishlovchi zamonaviy diagnostika markaziga aylantirildi.

Bugun davlatimiz rahbari markaz faoliyati bilan tanishdi.

Markaz faoliyatini tashkil etishda Germaniya, Belgiya, Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlar shaharlarining ekologik muhitini muhofaza qilish sohasidagi ilg‘or tajriba inobatga olingan.

Bu yerda transport vositalariga davlat raqam belgisi biriktirish va qayd etish guvohnomasini topshirish jarayoni turli byurokratik to‘siqlar va ovoragarchilikdan xoli qilingan, inson omili minimal darajaga tushirilgan. Avval avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni olti-yetti bosqichda amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bosqichlar soni uchtaga qisqardi.

Asosiysi, endilikda markazda avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi va ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib RFID chip o‘rnatilgan «qizil», «sariq» yoki «yashil» yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi.

Kelgusida joriy ekologik vaziyatdan kelib chiqib, shahar hududi bir nechta ekologik zonalarga ajratiladi va transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga ko‘ra, ya’ni stiker rangiga qarab, ayrim ekologik zonalarga kirishni bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda. Bunda ekologik zonalarga ruxsat etilmagan transport vositalarining kirishi avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik natijasida kelib tushayotgan jarimalar hududning ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Tizim to‘laqonli ishlashi uchun mamlakat bo‘ylab 100 ga yaqin havoni monitoring qilish avtomatik stansiyalari o‘rnatilishi, transport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan zarari darajasini baholash uchun 84 ta ro‘yxatga olish-diagnostika markazlarini, shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining 216 ta hududiy tuman bo‘linmalarini zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.

O‘z navbatida aholi uchun elektromobillarni xarid qilishni rag‘batlantirish, shu jumladan, bunday toifadagi avtomobillar uchun davlat raqamlarini berishda undiriladigan to‘lov miqdorlarini kamaytirish yuzasidan aniq amaliy choralar ko‘riladi.