Sport gimnastikasi bo‘yicha uch karra jahon chempioni, jahon kubogi sohibi Oksana Chusovitina – mamlakatimiz faxri. U sakkizta Olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Yurtimizda shunday sportchining bo‘lishi bolalar uchun namuna, dalda. Prezidentimizning 2022-yil 14-martdagi Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori sportsevar yoshlarga katta sharoit yaratdi.
Davlatimiz rahbari 5-mart kuni ushbu sport maktabiga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoitlarni va mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi.
Muassasa milliy terma jamoalar uchun xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash, yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni jalb etib, o‘quv-mashg‘ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish, murabbiylar va gimnastikachilar mahoratini muntazam oshirib borishga yo‘naltirilgan. Buning uchun uch qavatli zamonaviy binoda barcha sharoit yaratilgan.
Birinchi qavatda asosiy zal va mashg‘ulotlar zali, trenajyor maydonchasi, tibbiyot xonasi va oshxona joylashgan. Tepa qavatlardan 165 o‘rinli yotoqxona, mehmonxona, informatika va ma’naviyat xonalari o‘rin olgan. Maktab Germaniyadan keltirilgan sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlangan.
Gimnastika maktabi 1-11-sinflardagi 105 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Bugungi kunda 91 nafar o‘g‘il-qiz mahoratini oshirmoqda. Ularga ikkita xorijiy til ham o‘rgatiladi. Yosh gimnastlar umumiy ta’lim darslarini tutash hududda joylashgan 175-maktabda o‘qiydi.
Chusovitina izdoshlari o‘tgan yili sport gimnastikasi va badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro musobaqalarda 4 ta, respublika turnirlarida 6 ta va sport maktablari o‘rtasida 24 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Muhimi shundaki, gimnastikachi yoshlar bir joyning o‘zida yashab, ta’lim olib, mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Umuman olganda, bu sport maktabi gimnastikachilar uchun respublikada yagona o‘quv-mashg‘ulot bazasiga aylanadi.
Shu yerda sport sohasi mutasaddilari hamda videoaloqa orqali hududlar rahbarlari ishtirokida muloqot bo‘ldi.
– Nima uchun biz bu yo‘nalishga katta e’tibor berib, maktablar yaratayapmiz? Gimnastika – hamma sport turlarining asosi. Futbolchi ham, bokschi ham, sog‘lom bo‘laman degan inson ham gimnastika qilishi kerak. Iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlarga ta’lim berish bilan birga ularni sport bilan shug‘ullantirolsak, yurtimizda sog‘lom zurriyod, sog‘lom millat bo‘ladi, – dedi Prezident.
Shu maqsadda gimnastikani bolalar bog‘chalaridan keng joriy qilish, qobiliyatli sportchilarni saralashni shu bosqichdan boshlash, har bir hududda ikkitadan gimnastika maktabi tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil Fransiyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan sportchi va ularning murabbiylariga alohida sharoit yaratish, munosib tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.