AQSH Texas shtatida avj olgan o‘rmon yong‘ini 200 ming gektardan ko‘p maydonni qamrab oldi. Bu shtat tarixidagi ikkinchi yirik yong‘in, deb yozgan CNN telekanali.

Texasning 60 okrugida tabiiy ofat holati e’lon qilindi. Oklaxomaga ham ko‘chgan olov hali bartaraf etilmadi.

Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. Ehtimoliy xavf tufayli Pantex yadro quroli yig‘ish zavodi faoliyati to‘xtatildi. Kompaniya xodimlari evakuatsiya qilingan. Yaqin aholi manzillaridan ham odamlar ko‘chirilyapti.

Kuchli shamol, quruq va issiq havo sharoitida “tilsiz yov” juda tez harakat qilmoqda.

Amerika ommaviy axborot vositalari yozishicha, hozirgi yong‘in ko‘lami allaqachon o‘tgan yilgi tabiiy ofatga nisbatan kengayib ketgan.