Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Kecha Prezident xorijiy investorlar bilan uchrashib, ularni 700 million dollarlik loyihalari bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning ham 200 million dollar investitsiya kiritish takliflari ko‘rib chiqildi.

Sanoat uchun avvalo barqaror energiya manbalari zarur.

Boshqa viloyatlardagi kabi Xorazmda ham kecha Fransiyaning mashhur “Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk bor 100 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi.

Prezidentimiz yig‘ilganlarga yana bir muhim xabarni ma’lum qildi.

Xorazmda qiymati 10 milliard dollardan ziyod yirik gaz-kimyo majmuasi loyihasini barpo qilish bo‘yicha dunyoning shu sohada eng ilg‘or kompaniyalari bilan muzokara boshlangani ta’kidlandi.

Bu loyiha ishga tushsa, 3 mingta ish o‘rni yaratiladi, yiliga 2,4 million tonna yuqori qo‘shilgan qiymatli polimerlar ishlab chiqariladi. Bu nafaqat Xorazm uchun, balki respublikamiz sanoatining flagmani bo‘ladi.

O‘zA