O‘zbekistonda hayvonlar salomatligini asrash xalqaro loyihasi ish boshladi
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda Transchegaraviy hayvonlar kasalliklari bo‘yicha shoshilinch markaz (ECTAD) tomonidan USAID “Global sog‘liqni saqlash xavfsizligi dasturi” doirasida amalga oshiriladigan yangi tashabbusni ilgari surdi.
Dastur maqsadi hayvonlar va aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan turli tahdidlarning oldini olish, shunday xavfni aniqlash va vaqtida bartaraf etish bo‘yicha mamlakatimiz salohiyatini oshirishdan iborat.
Loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan seminarda qishloq xo‘jaligi– oziq-ovqat tarmog‘i vakillari, veterinariya va chorvachilik sohasi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar, milliy ilmiy-tadqiqot institutlari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “Global salomatlik xavfsizligi – O‘zbekistondahayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish, “yagona salomatlik” va zararkunandalarga qarshi rezistentlik bo‘yicha salohiyatni oshirish va hayvonlardan odamlarga yuqadigan kasalliklar tahdidini yumshatish” loyihasi namoyish qilindi, yillik ish rejasi tasdiqlandi va ushbu tashabbus doirasidagi asosiy tadbirlar, ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
– Chorvachilik qishloq aholisi salmoqli qismining daromad manbai, O‘zbekiston iqtisodiyotida ham muhim o‘rin tutadi, – dedi FAOning mamlakatimizdagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Inson salomatligi, xonaki va yovvoyi hayvonlar, o‘simliklar va ekologiya tizimi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. FAO ushbu tashabbusni inson, hayvon, o‘simlik va atrof-muhit salomatligini ta’minlashga qaratilgan qishloq xo‘jaligi-oziq-ovqat tizimi transformatsiyasi doirasida qo‘llab-quvvatlaydi.
Yurtimizdagi iqlim sharoiti va geografiya chorvachilikning qishloq xo‘jaligidagi ustuvor o‘rnini belgilaydi.
COVID-19 pandemiyasi ko‘rsatdiki, hayvondan odamga yuqadigan kasalliklar nisbatan qisqa muddatda boshqa mamlakat yoki mintaqaga yetib borib, keng tarqalishi mumkin. Milliy, mintaqaviy va global darajada ko‘p tarmoqli “Yagona salomatlik” yondashuvi joriy etilishi kasalliklarning oldini olish, vaziyatni samarali nazorat qilishga yordam beradi. Zero, yangi yuqumli kasalliklar kelib chiqishi aksar holatda jonivorlar bilan bog‘liq.
Anjumanda “Yagona salomatlik” yondashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozga tayyor turish xamda odam, hayvon va atrof-muhitning o‘zaro ta’siridan kelib chiqadigan sog‘liq uchun xavfni kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatni birlashtirish imkonini berishi ta’kidlandi.
Umuman, O‘zbekistonda ham hayvonlar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi ustuvor vazifaga aylangan. Ayni yo‘nalish aholining eng zaif qatlami uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek inson salomatligini muhofaza qilish uchun poydevordir.
Seminarda mutaxassislar hamkorlikni davom ettirish, birgalikda yirik loyihalar yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA