“Ko‘klamga yetkazganingga shukur”
Har faslning o‘z hikmati bor. Ammo ularning ichida bahor baribir o‘zgacha. Shu bois barchamiz ko‘klamni intiq bo‘lib kutamiz, dillardagi eng nozik tuyg‘ular ham po‘rtana qilaveradi. Qish esa bu yil unga joy bergisi kelmayotgandek go‘yo. Ammo hayotning, tiriklikning qonuniyati baribir g‘olib bo‘ladi. O‘zbekistonga, jonajon vatanimizga bahor kirib keldi. Quyosh ham asta-sekin zarrin nurlarini socha boshlaydi, dalalarda maysalar bosh ko‘tarmoqda.
Saksonga yaqinlashayotgan Karomatxon buvimning shodligini bir ko‘rsangiz edi. Onam yopgan ko‘k somsalarni ko‘zga surtadi, sumalakdan tatib ko‘rib shukronalar aytadi: “Ko‘klamga yetkazganingga shukur”.
Ha, bu tilakning mohiyatini hammamiz tushunavermaymiz. Zero, hayotning past-balandini, achchiq-chuchugini tortgan yoshi ulug‘larimiz umrning, yasharish va yangilanishning qadrini teran anglaydilar. Bahorda ana shu falsafa mujassam. U tiriklik baxsh eta oladi, umid bag‘ishlaydi.
Bahorni kim ham sog‘inmaydi deysiz? U go‘zallik, orzu-umidlar fasli. Atrofga bir boqing. Borliq uyg‘onmoqda. Yasharish, yangilanish fasli eshik qoqmoqda. Hademay bo‘rtib qolgan kurtaklar ko‘z ochadi. Tilla tangalardek har yonga sochilgan momaqaymoqlar, ariq lablarida bo‘y yetgan mastona yalpizlar ifori, sho‘x shabadaning mayin shivirlari dilni entiktiradi. Musaffo osmon bag‘rida qaldirg‘ochlar charx urib qanot qoqadi. U biz kutgan, ko‘ngillarga shodumonlik, qalblarga surur bag‘ishlovchi ardoqli bayramimiz Navro‘zdan darak olib keladi. Zero bahor bayramlari bilan yanada ardoqli.
Qishloqlarda, mahallalarda o‘tkazilayotgan sumalak sayillarida kayvoni momolar Yaratgandan el-u yurtga omonlik, to‘kinlik, qut-baraka so‘ramoqda. Yosh-yalang sumalak kovlab, qo‘shiq aytishmoqda:
Lola gul alvon-alvon,
Sumalak berar darmon.
Sumalak yetmay qolgan
Bir umr qilar armon.
Yangi O‘zbekistoning bahori millionlab dillarga o‘z shukuhini, tarovatini ulashmoqda. Ulkan maqsadlarni ko‘zlayotgan har bir yurtdoshimiz yurt ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shishga intilmoqda. Bayramlarga peshvoz chiqib, eng ezgu tilaklarini izhor etishyapti.
Darhaqiqat, Navro‘z tabiatni yangilaydi, go‘zal qiladi. Uning udumlari esa inson ruhiyatini-da yangilaydi, yangi kuch, shiddat, g‘ayrat baxsh etadi. Bu shunchaki gap emas. Chunki bayram hech kimni chetlab o‘tmaydi. Ko‘ngliga quvonch soladi, hayotga bog‘laydi. U bu kunlarni seva-seva o‘zi ham katta muhabbatning bir qismiga aylanadi. Obod va farovon hayot sari dadil intilayotgan yurtdoshlarimizning qalbi oppoq orzularga to‘ladi. Zero, Bahor va Navro‘z hayot abadiyligining tantanasidir.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA muxbiri