Filippinning Manila shahrida suv sporti turlari bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatida suzish musobaqalari yakunlandi.
Chempionat so‘nggi kunida ikki nafar sportchimiz Eldorbek Usmonov va Mixail Kleshko 50 metr masofaga batterflyay usulida suzish bahslarida ishtirok etdi. Unda Eldor belgilangan masofani 23.59 soniyada suzib o‘tdi va kumush medal sohibi bo‘ldi. Mixail Kleshko esa afsuski, 24.47 soniya natija bilan 6-o‘rinni egalladi.
Ma’lumot uchun, musobaqada Eldorbek Usmonov 50 metrga erkin usulda va 100 metr masofaga batterflyay usulda suzishda ham kumush medallarini qo‘lga kiritgan edi.
To‘rt kunlik musobaqalar yakuniga ko‘ra suzuvchilarimiz 3 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA