Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi “Khorezm Insulation Group” qo‘shma korxonasini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami keng. So‘nggi yillarda barcha loyihalarda energiya tejamkorlik vazifasi qo‘yilmoqda. Shu bois bazalt xomashyosiga talab oshib borayotir. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda bunday mahsulotdan tayyorlangan plitalarga yillik talab 80 ming tonna.

Shu jihatdan “Khorezm Insulation Group” qo‘shma korxonasi bozor konyunkturasi asosida tashkil topdi, deyish mumkin. Qiymati 41 million yevrolik ushbu loyihada bazalt xomashyosidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqariladi. Xomashyo Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratau tog‘idan olib kelinadi.

Korxonaning yillik quvvati 30 ming tonna bo‘lib, qurilish sanoatiga talab yuqori mahsulotlar yetkazib beriladi. Shuningdek, Rossiya va qo‘shni davlatlarga 10 million dollarlik eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Buning uchun Germaniya, Turkiya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilmoqda. Korxonada 300 ta yangi ish o‘rni ochiladi.

Prezident korxona bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash, mahalliylashtirish darajasini oshirishga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Ayni paytda bu yerda yiliga 15 ming tonna polipropilen va polietilen tola ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Natijada 80 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, yana 10 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi mo‘ljallangan.