Bahor faslining boshlanishiga sanoqli kunlar qolishiga qaramasdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Tozabo‘zyop” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi fayzli xonadonlarning birida bahor taomi bo‘lgan sumalak pishirildi.
Sumalak bejizga bahorda pishirilmaydi. Noyob taom horg‘in tanamizni tetiklashtiradi, vitaminlarga boyligi, koni foydaligi sabab qish faslidan chiqishimiz bilan uni sog‘inib iste’mol qilamiz. Shuning uchun ham u borgan sari xalq o‘rtasida keng tarqalib, bahorning eng lazzatli taomiga aylanmoqda.
Azaldan sumalak sayli kishilarda birdamlik, ahillik hissini tarbiyalab kelgan. Erta bahorda qo‘ni-qo‘shnilar bir qozonda tayyorlangan ovqatni birgalikda baham ko‘rgan.
Milliy taomlarimiz-u, milliy urf-odat va qadriyatlarimizni kelajak avlod ongiga singdirish, ularda muhabbat uyg‘otish, ajdodlar merosiga hurmatni shakllantirish maqsadida bir guruh yoshlar ham jalb qilindi. O‘quvchi yoshlarga sumalakning unib chiqishidan to dasturxonga tortilishigacha bo‘lgan jarayonlar to‘g‘risida mahallaning oqila ayollari va nuroniy onaxonlar tomonidan tushuncha berildi.
Joriy yilning ilk sumalak sayli o‘yin-kulgilarga boy, yuqori kayfiyatda o‘tdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri