Qoraqalpog‘iston Respublikasida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasi Amudaryo tumanida ham tashabbuskor va ilg‘or tadbirkorlar soni tobora ortmoqda.
Tumanning Mang‘it shahridagi «Gulzor» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tadbirkor Qudrat Yeshimbetovni ko‘pchilik mahoratli duradgor sifatida yaxshi taniydi. U hali yosh bo‘lishiga qaramay, yangi uy-joylar qurilishi uchun zarur yog‘och buyumlarni yasaydigan mahoratli usta darajasiga erishgan.
– Duradgorlikka yoshligimdan qiziqqanman, – deydi Qudrat Yeshimbetov. – O‘tgan 2023 yilda Mikrokreditbankdan 40 million so‘m kredit olib faoliyatimni kengaytirishga erishdim. Xonadonim yonidan yangi ustaxona tashkil qilib, zarur dastgoh va uskunalar xarid qildim. Mahallamizdagi ikki nafar yigitni shogirdlikka olganman. Ular bilan birgalikda kundalik turmushda ishlatiladigan buyumlarni yasayapmiz. Mahsulotlarimiz mahalliy hamda qo‘shni tuman bozorlarida xaridorgir.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA