Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Aliment undiruvi bilan bog‘liq muammoli ijro hujjatlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilash hamda bunday oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha vazifalar to‘g‘risida” qo‘shma farmoyish tasdiqlangan.
Mazkur hujjat asosida Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limlari ish yurituvida bo‘lgan aliment undirish bilan bog‘liq 1 ming 675 ta muammoli ijro hujjatining 342 tasi o‘rganildi. Shundan 589 million so‘mlik aliment puli undirib berildi.
Tuzilgan ishchi guruh a’zolari aralashuvi bilan 28 ta ajrashgan yosh oila yarashtirildi, 139 nafar aliment to‘lovchi qarzdor doimiy ish bilan ta’minlandi. 12 nafar undiruvchi, ularning 14 nafar voyaga yetmagan farzandi sog‘lomlashtirilib, to‘garaklarga jalb qilindi.
Ishchi guruh tomonidan moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan farzandlarini moddiy jihatdan ta’minlashdan bo‘yin tovlab yurgan qarzdorlarga ham qonuniy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, joriy yilning 20 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tuman sudida aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan qarzdorning javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining 2021-yil 19 noyabrdagi sud buyrug‘iga asosan, M.D. voyaga yetmagan ikki nafar farzandi ta’minoti uchun har oydagi jami daromadining 3/1 qismi miqdorida aliment to‘lashi lozimligi belgilangan. Ushbu sud buyrug‘i Majburiy ijro byurosi Xo‘jayli tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, bo‘lim xodimlari tomonidan qarzdorga aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lab borishi lozimligi, shuningdek, ularni to‘lamaslik oqibati haqida bir necha marotaba ogohlantirishlar berilganligiga qaramasdan, uning qarzdorligi 32 million so‘mdan oshib ketgan. Shu sababli, Majburiy ijro byurosi Xo‘jayli tuman bo‘limi tomonidan qarzdorga nisbatan javobgarlik masalasini hal qilish maqsadida to‘plangan ish hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tuman sudiga yuborilgan.
Sud tomonidan qarzdor M.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasiga muvofiq 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilib, sud zalining o‘zida qamoqqa olingan.
Hozirgi kunda aliment undiruvi bilan bog‘liq muammoli ijro hujjatlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri