Davlatimiz rahbarining 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yosh jurnalistlar” to‘garagi tashkil etilgan.
Nukusda bo‘lib turgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, “Yangi media ta’lim markazi” direktori Beruniy Alimov hamda Uyushmaning Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Kengesboy Reymov ushbu to‘garak yoshlari bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinayotgani ta’kidlandi. “Ustoz-shogird” an’anasi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatish mas’uliyati xususida so‘z yuritildi.
Muloqotdan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Idiris Qosnazarov xonadoniga borildi. 1954-yil 14-martda Chimboy tumanida tavallud topgan I.Qosnazarov ijodiy faoliyatini Qoraqalpog‘iston televideniyesida boshlab, keyinchalik “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasida maxsus muxbir, bo‘lim muharriri, bosh muharrir o‘rinbosari, “Qaraqalpaqstan jaslarы» gazetasi bosh muharriri sifatida ishlagan.
– Qirq yildan ziyod matbuot sohasida faoliyat yuritdim, – deydi I. Qosnazarov. – Hozirgidek jurnalistika sohasiga e’tibor qaratilgan davrni ko‘rmadim. Qaniydi, yosh bo‘lib qolsam-u, maza qilib ijod qilsam.
Ustoz jurnalistlar va ularning oila a’zolari Uyushma vakillarining tashrifidan minnatdor ekanliklarini bildirdi.
Gulnoza Bobova, O‘zA