Mamlakatimizda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatini ekish, yashil bog‘lar barpo etish masalalariga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Uyushmaning Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamkorligida Mo‘ynoqqa uyushtirilgan press-tur ishtirokchilari ko‘chat ekish, Jurnalistlar bog‘i yaratish jarayonida ham qatnashdi.

–Ushbu bog‘ga 50 tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar ekildi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. – Uyushmamizning Qoraqalpog‘iston bo‘limi xodimlari ana shu ko‘chatlar to‘liq o‘zini tutishi va ularni parvarishiga mas’ul bo‘ladi. Maqsadimiz – bu ishlarni nomigagina qilish emas, ommaviy axborot vositalari vakillari Mo‘noqqa kelganida maza qilib dam oladigan, kayfiyat-u ruhiyatini ko‘taradigan bog‘ yaratish.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi — bu bir yillik tadbir emas”. Atrof-muhitni muhofaza qilish, hududdagi ekologik vaziyatni yaxshilash, chang-qum bo‘ronlarining atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olish maqsadida doimiy ravishda amalga oshiriladigan ish.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA