“O‘zbekiston – Turkmaniston” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston – Turkmaniston” erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 3,1 gektar yer uchastkasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi.
Ushbu 3,1 gektar yer uchastkasida tovarlarni saqlash, saralash, sotish, transport va boshqa zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini tashkil etish uchun “O‘zbekiston -Turkmaniston” erkin savdo zonasini tashkil qilinadi.
Savdo zonasining faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30-yil etib belgilandi.
“O‘zbekiston – Turkmaniston” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini boshqarish vazifasi “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasiga yuklatiladi.
Savdo zonasida zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash va saralash xizmatlari ko‘rsatiladi.
“Yagona darcha” va interaktiv mexanizmlar asosida bojxona, soliq, sertifikatlash, fitosanitariya, veterinariya, transport xizmatlari, mavjud infratuzilma va imkoniyatlarni o‘rgangan holda, bank va valyuta ayirboshlash, mobil aloqa hamda mijozlar uchun tibbiy, mehmonxona, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va boshqa xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu savdo zonasida faqat O‘zbekiston va Turkmaniston Respublikalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi tashkil qilinadi.
Hududda chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berilgan “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimi amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar harakatlanish hujjatlari asosida alohida nazorat o‘tkazish punkti orqali o‘tadi va ularning ortga qaytishiga faqat kirgan nazorat o‘tkazish punkti orqali ruxsat etiladi.
Shaxslar, transport vositalari va yuklar erkin harakatlanadi.
Savdo zonasiga:
mahsulotlar bojxona to‘lovlari to‘lanmasdan va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanmasdan olib kiriladi;
mahsulotlar savdo zonasi ishtirokchilari tomonidan “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi;
mahsulotlar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq olib kiriladi yoki olib chiqiladi;
Turkmaniston va ushbu davlat orqali tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari uchun maxsus nazorat o‘tkazish punkti orqali vizasiz tartibda, shaxsni tasdiqlovchi hujjat orqali kirish, 15 kun mobaynida hududda bo‘lish va kirgan nazorat punkti orqali chiqish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi;
Savdo zonasidagi bino va inshootlarni tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn auksion savdolari asosida ijaraga beradi.
Qarorga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining yer fondi toifasi o‘zgartirilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari undirilmaydi.
O‘zA