Prezident Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha 2024-yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Qayd etilganidek, yirik quyosh va shamol stansiyalarini qurish, ularni tarmoqqa ulash, remont-servis xizmatini ko‘rsatish hisobiga mahalliy korxonalar uchun katta bozor vujudga kelmoqda. Hozirgi kunda 30 dan ziyod yirik va o‘rta mahalliy ishlab chiqaruvchilar, 100 dan ortiq servis korxonalari mavjud.

Davlatimiz rahbari bu quvvatlar hali yetarli emasligini ta’kidlab, quyosh panellari, akkumulyator, invertor, suv isitkich, mis kabel va transformator ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish muhimligini qayd etdi.

Shu bilan birga, mahalliy korxonalarga xorijiy investorlar talab qiladigan xalqaro sertifikatlarni olishda va ishlab chiqarishni standartlarga muvofiqlashtirishda ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.

O‘zA