Bugun, 28-fevral kuni poytaxtimizda gandbol bo‘yicha o‘n sakkiz yoshgacha (U-18) va yigirma yoshgacha (U-20) bo‘lgan qizlar jamoalari o‘rtasidagi “IHF Trophy” turnirining qit’alararo bosqichi musobaqalari boshlanadi.

Yevropa, Osiyo, Janubiy va Markaziy Amerika, Shimoliy Amerika va Karib havzasi, shuningdek, Okeaniya hududlari bosqichlarida g‘olib chiqqan 9 davlatning gandbol jamoalari ayni kunlarda boshlanajak qizg‘in bahslarga hozirlik ko‘rmoqda.

Musobaqalar poytaxtimizdagi “Alpomish” sport majmuasi hamda Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining gandbol zalida bo‘lib o‘tadi.

Bugun “Alpomish” sport saroyi U-18 jamoalari o‘rtasidagi ilk o‘yinda Nigeriya – Gvadelupa, U-20 jamoalarining dastlabki uchrashuvida  O‘zbekiston – Gvatemala, Peru – Buyuk Britaniya, O‘zbekiston – Meksika jamoalarining o‘yinlari tashkil etiladi.

Kecha Xalqaro gandbol federatsiyasining mas’ul mutaxassislari ishtirokida “IHF Trophy” turnirining hakamlari hamda ishtirokchi jamoa vakillari uchun musobaqa oldi seminar o‘tkazildi.

Majlisda jamoalarning musobaqadagi ishtiroki, o‘tkaziladigan o‘yinlar, gandbolchilarning qanday rangdagi kiyimlarda maydonga tushishi va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Aytish lozim, uchrashuvlarni Saudiya Arabistoni, Quvayt, Slovakiya, Tunis, AQSH va O‘zbekistonning eng sara hakamlari boshqarib boradi. Xalqaro turnir bahslari 3-martga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA