Soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik maqbullashtiriladi

319

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq,fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzganlik, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun moliyaviy jarima miqdori:

huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi;

huquqbuzarlik moliyaviy jarima qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida o‘rnatiladi.

Mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar bo‘yicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi va hisobdan chiqarilgan qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.

Soliq kodeksiga mazkur Farmondan kelib chiqib, tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar va ma’muriy jazo choralari qo‘llanilmaydi.

Mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summalarining 98 foizi kelgusi to‘lovlar hisobiga belgilangan tartibda tegishli tadbirkorlik subyektlariga qaytariladi.

O‘zA