Jahon banki tomonidan olti yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi bugungi kunda mamlakatimizda islohotlarning fuqarolar hayotida qanchalik aks etayotganini o‘rganib borayotgan tadqiqotlardan biri bo‘lib kelmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Jahon banki va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari: yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanishga o‘tish” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbatini tashkil etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Parlamenti, vazirlik va idoralar hamda tegishli xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘zining kirish so‘zida mazkur loyihaning asosiy maqsadi – tadqiqot natijalari asosida sifatli va aniq manzilga yo‘naltirilgan siyosiy qarorlar qabul qilinishiga ko‘maklashish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratish ekanini aytib o‘tdi.

Shuningdek, yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolga mo‘ljallangan chora-tadbirlar xususida to‘xtaldi.

– Oxirgi yetti yil mobaynida mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan 1 million gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi. 2023-yilning o‘zida yurtimizda 50 ming xonadon va tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari o‘rnatildi.

Hozirda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida jadal ishlanmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga asosan mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining 2030-yilga qadar jami iste’moldagi ulushini 40 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda, – dedi Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov o‘zining ma’ruzasida yashil iqtisodiyotga o‘tish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xalqaro va milliy darajada qabul qilingan strategiyalar va qonunlarning o‘rni muhimligini aytib o‘tdi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli 2030-yilga borib mamlakatda kamida 8 million kishi iqlimi yuqori xavfdagi hududlarda istiqomat qilishini ta’kidladi. Uning aytishicha, iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarisiz 2050-yilga kelib milliy iqtisodiyot rivoji 10 foizga kamroq bo‘ladi. Bu bandlik va uy xo‘jaliklari daromadining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi.

– Jahon banki iqlim o‘zgarishiga moslashish va mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish, aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishda hukumatga moliyaviy va tahliliy yordam ko‘rsatadi. Bu chora-tadbirlar turli sohalarda suv va energiya resurslarini tejash, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi, – dedi Marko Mantovanelli.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilarini Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi katta iqtisodchisi Ikuko Uochi “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqotining so‘nggi natijalari bilan tanishtirdi.

Mazkur tadqiqot so‘rovnomasida mamlakat bo‘ylab qishloq va shaharlardagi 1500 ga yaqin uy xo‘jaliklari, 600 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlari yetakchilari ishtirok etadi.

Tadbirning ikkinchi qismida yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanishga o‘tish mavzusidagi muhokamalar O‘zbekiston uchun nafaqat dolzarb, balki strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni qamrab oldi.

Tadbir davomida “O‘zbekiston yashil iqtisodiyotga o‘tishni qanday tezlashtirishi mumkin?” degan savolga Jahon banki, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Global yashil o‘sish institutining ekspertlari va tajribali mutaxassislari o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.

A.RUSTAMOV, O‘zA