Oila — muqaddas dargoh. Oilaning asosiy vazifasi insoniyat zanjirini sogʻlom va iqtidorli avlodlar bilan bogʻlab borishdan iborat. Shuningdek oila jamiyatning muqaddas maskani, eng asosiy tarbiya makonidir.

Oiladagi ota ibrati, ona mehri, bobo va buvilar o’gitlari orqali milliy qadriyatlarimizga bo’lgan imon-e’tiqod, halollik, mehr-oqibat avloddan avlodga o’tadi, farzandlarimiz ongi va qalbida muhrlanib boradi. Ammo, bugungi kunda yosh oilalarning buzilib ketishi, yosh, norasida goʻdaklarning ajrimlar sabab dili oʻksik holda oʻsayotganiga nima sabab deb oʻylaysiz?

Albatta, erta turmush qurish. Bugungi kunda shu kabi holatlarning oldini olish uchun respublikamizda chora – tadbirlar oʻtkazilmoqda. Shu maqsadda Toʻrtkoʻl tumanida maktab oʻquvchilariga alohida tushunchalar berilyapti.



Joriy yil 26- fevral kuni Toʻrtkoʻl tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i I.Jumabayeva va mahalla faollari ishtirokida tumandagi 1-sonli umumtaʼlim maktabida o’tkazilgan tadbirda “Oila” va “Erta turmushning oldini olish” mavzularida har xil fikr-mulohazalar bildirildi. Mahallaning faol ayollari: “Bugungi kunda yoshlarga qo‘yilayotgan eng muhim vazifa va talablardan biri o‘qib, ilm olishlari, davlatimizning kelajagi bo‘lgan siz yoshlarga Prezidentimiz katta ishonch bildiryaptilar. Ayollarning oʻzini oʻzi band etishi, turmushda qiyinchilik koʻrmasliklari, farzandlarini maʼnan barkamol avlod qilib tarbiyalashlari uchun keng imkoniyatlar koʻp ” – deya soʻzga chiqdilar.

Chindan ham xotin-qizlar bilimli bo‘lsagina kelgusida turmushda va farzand tarbiyasida qoqilmasdan jamiyatda o‘zlarining munosib o‘rnini topishlari mumkin. Shuningdek, tinch yurtimizga shukronalik keltirib, aldamchi yot g‘oyalarga uchmasdan aniq maqsadlar bilan oldinga qadam qo‘yishlarini uqtirdi. Mahalla faollari va maktab jamoasi ham tartib, intizomli bo‘lishlari, o‘zlaridan keyingi avlodlarga yaxshi namuna ko‘rsatishlari lozimligi to‘g‘risida ham soʻz bordi. Tadbir yakunida Inobat Jumaboyevaning qizlarga bildirgan fikrlarini tingladik: “Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari orasida eng keng tarqalgan muammolardan quyidagilar qayd etiladi: ajrashgandan keyin ona sobiq erining yordamisiz koʻpincha bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalaydi — 42 %, tez-tez ajralishlar — 38 %, qiyin moliyaviy va uy-joy holatida yashamoq — 27 %, ruhiy buzilishlar — 13 %. Shuning uchun ham siz goʻzal qizlarimiz bu kabi toifalarda boʻlmasligingiz uchun har birimiz javobgarmiz. Sizlarga oilani, ayol rolini misollar bilan keltiradigan boʻlsam, jahon madaniyati va ma’naviyatiga katta hissa qo’shgan Ibn Sino, Farobiy, Navoiy, Ahmad Farg’oniy, Mirzo Ulug’beklarni dunyoga keltirib tarbiyalagan momolarimizning ham o’zlari ma’naviy barkamol bo’lganliklariga shubha yo’q.

Oilalar birligi jamiyatni tashkil etib, jamiyat ustunlari bo’lgan zamonaviy ayollar ham sog’lom fikrlashi vatanimiz taraqqiyoti uchun iqtidorli yoshlarni tarbiyalashdek mas’uliyatni his qilmogʻingiz zarur.

Tadbir ishtirokchilari ushbu mavzuga oid foydali maslahatlar, zarur tushunshalar olishdi.


Maftuna Yusupboyeva,

QDU. Jurnalistika mutaxassisligi 2-bosqich talabasi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi