Italiyaning Turin shahrida 2025 yil bo‘lib o‘tadigan talabalar qishki Universiada o‘yinlari maskati – o‘yinlar va animatsiya olamida mashhur “TO Tag” belgisi ostidagi tasvir e’lon qilindi.

– Kundalik turmushimiz muntazam ravishda real va raqamli dunyo o‘rtasida kesishayotgani sababli, “TO Tag” mana shu ikki tushunchani bir-biriga bog‘lovchi vazifani o‘tashi bilan ahamiyatli, – deyilgan mazkur voqea munosabati bilan uyushtirilgan maxsus taqdimot marosimi axborotnomasida.

Turindagi “Regione Piemonte” saroyida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etgan Xalqaro talabalar sporti tashkiloti rahbari Leons Eder shunday ta’kidladi:

– Jozibali va rang-barang bunday takrorlanmas ramz barcha muxlislar qalbini zabt etishiga ishonaman. Ushbu timsol “Turin-2025” o‘yinlarining eng faol elchisi sifatida ko‘pchilikka quvonch ulashishi, ajoyib musobaqa zavqini tortiq etishidan umidvormiz.

Eslatib o‘tamiz, 11 sport turi bo‘yicha o‘tadigan navbatdagi qishki Universiada kelgusi yil 13-23 yanvar kunlariga belgilangan.

T. Ro‘ziyev,

O‘zA