Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevdagi forumda Rossiya bilan nizo avj olgandan keyin 31 ming ukrainalik askar vafot etganini ochiqladi. Shuningdek, 10 mingdan ziyod begunoh aholi halok bo‘lgan.
Rossiya ham qurbonlar bo‘yicha bir necha rasmiy raqam keltirgan. “Mediazona” mustaqil axborot agentligi yozishicha, 2022-2023-yillarda 75 mingga yaqin rossiyalik harbiy hayotdan ko‘z yumgan.
O‘tgan yil dekabr oyi o‘rtalarida AQSH razvedka xizmati e’lon qilgan hisobotda Ukrainada 315 ming rossiyalik askar halok bo‘lgani yoki yaralangani keltirilgandi. Ushbu raqam Rossiyaning ro‘yxatga olingan 360 mingga yaqin askariga nisbatan 87 foizni tashkil qiladi.
Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov ta’kidlashicha, Kiyev Moskvaga qarshi jangni davom ettirarkan, qurol-yaroq yetkazish kechiktirilishi insonlar hayotiga zomin bo‘ladi. Mulozim Yevropadan mart oyigacha 1 milliondan ortiq artilleriya snaryadi yuborilishi rejasi, hech bo‘lmasa, yil oxirigacha yakunlanishiga umid qilmoqda. AQSH Kongressidagi siyosiy qarama-qarshilik tufayli 60 milliard dollarlik yordam vaqtincha muzlatilishi ham Kiyevni zaiflashtirdi. Prezident va mudofaa vaziri aytishicha, dushman kuchlariga qarshi chiqish uchun yangi reja tuzilgan.