Qatar Davlati axborot agentligi – “QNA” Dohada bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniyati, hunarmandligi va turizmi haftaligi” to‘g‘risida maqola e’lon qildi.
Maqolada Madaniyat haftaligi doirasidagi tadbirlarda mamlakatimiz nomoddiy madaniy merosi, milliy san’ati va xalq an’analarining noyob namunalari namoyish etilayotgani urg‘ulangan.
Shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan bunday nufuzli tadbirlar ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqani mustahkamlash, mamlakatlarimiz merosini asrab-avaylash va o‘zaro tanitishga xizmat qilishi ta’kidlangan. Zero, o‘zbek xalqining an’analari, qadim madaniy merosi qatarliklarda iliq taassurot qoldiryapti.
Muallif haftalik doirasida milliy san’atimizni namoyon etuvchi konsert dasturlari, ko‘rgazma, ijodiy muloqot, taqdimotlar bo‘lib o‘tayotganiga, hamkorlikning yangi ufqlari, kelgusi rejalar belgilab olinayotganiga ham to‘xtalgan.